Rizqi-ro'z ishqida bir joni halak
Mag'ribu-mashriqni kezar jonsarak
Oila sha'nini tutib turguvchi
Tosh o'tmas qo'rg'oni bo'larkan erkak
Umidi uzilsa qoshi-hiloldan
Mehr ko'rmasa gar sohibjamoldan
Xudo nasib etmasa jufti-haloldan
Sarg'ayib-sarg'ayib so'narkan erkak
Yuragi qonini tuproqqa qorib
Imorat solarkan yog'ochlar yorib
Uzun kechalarda Haqqa yolvorib
Farzandiga iqbol tilarkan erkak
Umr o'tar kelar turnalar qaytib
Eski dardlar qalbin tirnalar qaytib
Ayoli dardini yig'lasa aytib
Zor yig'lab yolg'ondan kularkan erkak
Umr o'taverar bag'rini o'yib
Musibat qiynaydi bepichoq so'yib
Ayolin ko'ksiga boshini qo'yib
Goho tik oyoqda o'larkan erkak
Rizqi-ro'z ishqida bir joni halak
Mag'ribu-mashriqni kezar jonsarak
Oila sha'nini tutib turguvchi
Tosh o'tmas qo'rg'oni bo'larkan erkak