Yostiqlarga bir kun botsa gar boshim
Meni sotib ketsa do'stu sirdoshim
Sarg'aygan yuzlarim yuvsa ko'z yoshim

O'shal kun men uchun kim achinar kim
Eng avval kuyunar umr yo'ldoshim

Bag'rimda ulg'ayib taniblar hayot
Yonimda olarlar tarbiya sabot
Farzandlarim ketar uchirib qanot

Yostiqlarga bir kun botsa gar boshim
Eng avval kuyunar umr yo'ldoshim

Tirik jon xastalik quchishi mumkin
Omad qushi boshdan uchishi mumkin
Hatto muxlislarim kechishi mumkin

Meni sotib ketsa do'stu sirdoshim
Eng avval kuyunar umr yo'ldoshim

Qarindosh jigarim olam g'animat
Otam g'animatdir onam g'animat
Yoshim qirqdan oshib kelib bir fursat

Sarg'aygan yuzlarim yuvsa ko'z yoshim
Eng avval kuyunar umr yo'ldoshim