Donishni qiynab to'ymagan
Xoli-joniga qo'ymagan
Nodon bilan kulib o'ynagan
Pixini yorgan dunyosan

O'g'rini siylab ovloqda
Oshini maqtab tovoqda

To'g'rini qiynab sirtmoqda
Loylarga qorgan dunyosan

O'tga bostirib dalani
Suvga cho'ktirib qalani
Otadan oldin bolani
Jonini olgan dunyosan

Ulug'in xo'rlar senmasmi-
To'rga o'tqazib nokasni

Ot o'rniga yo'lbarsni
Qo'shiga solgan dunyosan

Kim ham ishonar nozingga
Bahoring o'xshar yozingga
Kuylaring tushmas sozingga-
Qo'shig'i yolg'on dunyosan

Oq ro'mol o'rab otinday
Tovlanma menga oltinday

Bola ko'rmagan xotinday-
Allasi yolg'on dunyosan