Oh mening ortimdan ovvora onam
Bir parcha yuragi ming pora onam
Har baloni koʻrib yorugʻ dunyoda
Toshkanni koʻrmagan bechora onam

Bolang boʻlib bir bor boshlab keldimmi
Endi men ham senga oʻgʻil boʻldimmi
Garchi bisotingda “bayram” soʻzi yoʻq
Bilaman kutasan sandal toʻla choʻgʻ
Menda yurak deganlarin oʻzi yoʻq:
Men sovgʻa bermagan qiz yoʻq bu oqshom
Senga na gul berdim na shirin kalom
Endi men ham senga oʻgʻilmi onam

Deysan: olislarda omon yursang bas
Yodingga tushsam goh yoʻqlab tursang bas
Bolam senga hamma qiladi havas…
Axir mening dardim sheʼr emas faqat

Men mashhur shoirmas – mashhur beshafqat
Endi men ham senga oʻgʻilmanmi ayt
Shaʼninga sheʼr bitdim U seni topsin
Poyingga tiz choʻkib qoʻlingni oʻpsin

Undan ham ulugʻim borligin koʻrsin
Men uchun ham aziz holingni soʻrsin
Sensiz gʻarib koʻnglim koʻngilmi onam
Endi men ham senga oʻgʻilmi onam