Kun yig’ladim tun yig’ladim bilmadingiz begim-ey
Chorladim ko’p nazar qilib kelmadingiz begim-ey
Dunyolarga sig’may ketdim o’zni otdim taqdirga
Bir olmadek oqdim soyda olmadingiz begim-ey

Ohlarimga osmon yig-lar tog’lar aza tutadi
Bag’ri qonim bag’rimdagi nolalarga o’tadi
Sizni qaysi dilbar mendek toqat bilan kutadi
Firoqida g’arib qilgan bag’ritoshim begim-ey

Yo’llar uzoq ko’ngil yaqin desangiz ham bo’lardi
Ko’nglim senda degan so’zdan yarim ko’nglim to’lardi
Kelsangiz-a ko’ngildagi umid guli kulardi
Bugun ra`no bag’ri evoh alamingiz begim-ey

Kelmadingiz kelmadingiz bilmadingiz begim-ey
Bilmadingiz bilmadingiz kelmadingiz begim-ey